Hukumat yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasini raqamlashtirishga qaratilgan qaror qabul qildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lumot berdi.

Qarorga muvofiq, Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot tizimidagi “Ma’muriy amaliyot” moduli mas’ul vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi.

2026-yil 1-fevraldan boshlab umumiy vazni (yuki bilan) 44 tonnadan ortiq yuk avtomobillari, konlar, shaxta va karyerlarda foydalaniladigan maxsus texnikalar, yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilar hamda antikvar avtomototransportlar uchun alohida seriyali davlat raqami belgilari joriy etiladi.

Shuningdek, ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan transport vositalaridan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanadi. Bunday avtomobillar davlat ro‘yxatidan chiqariladi. Avtomototransport ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomada mulkdorning manzilini ko‘rsatish talabi ham bekor qilinadi.

Transport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bir qator hujjatlarni idoralararo elektron hamkorlik orqali olish yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, oldi-sotdi shartnomalari, elektron auksion bayonnomalari, davlat ulushi mavjud korxonalar tomonidan beriladigan elektron hisob-ma’lumotlar hamda transport mulkdori haqidagi ma’lumotlar avtomatik tarzda olinadi.

Avval xabar qilinganidek, shahar yo‘lovchi transporti nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolali yo‘lovchilar uchun moslashtiriladi. Tashuvchilar transport salonlarini yo‘lovchilarning xavfsiz chiqib-tushishini ta’minlaydigan tarzda jihozlashi shart bo‘ladi.

Bundan tashqari, respublika shaharlarida ishlab chiqarilganiga 15 yildan oshgan avtomobillarda taksichilik qilishni cheklash masalasi ham ko‘zda tutilmoqda. Shaharda yo‘lovchi tashuvchi yo‘nalishsiz taksilar texnik holati va jihozlari yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha belgilangan talablarga to‘liq mos bo‘lishi lozim.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 22/01/2026