Namanganda sement zavodi xodimi bunkerda vafot etgani to‘g‘risidagi “Kun.uz” materiali yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasi rasmiy munosabat berdi.
Xabarda Namangan tumanida joylashgan sement ishlab chiqaruvchi Toshbuloq invest group MCHJning maxsus qorishma saqlanadigan balandligi 17 metrli maxsus bunkeriga tushirilgan 18 yoshli ishchisi Bahrom Hoshimov tozalash vaqtida vafot etgani hamda baxtsiz voqeani tekshirish bo‘yicha maxsus komissiya hodisaga ishchining o‘zi aybdor ekani haqida xulosa chiqargani aytilgan.
Hodisa 2025-yil 28-noyabr kuni soat 10:30 larda yuz bergan. Marhumni bunkerga tushirib uning tepasida nazorat qilib turadigan xodim o‘sha kuni ish bilan boshqa tomonga ketib qolgan. Taxminan 6 daqiqa o‘tib ish joyiga qaytgan xodim Bahrom Hoshimovning o‘pirilib ketgan qorishma ichidan qo‘lini chiqarib, yordam so‘rayotganini ko‘rib qolgan.
Baxsiz hodisa yuzasidan inspeksiya tomonidan joriy yilning 8—16-yanvar kunlari qayta tekshiruv o‘tkazildi va sabablar qayta rasmiylashtirildi. Bunda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli qonunchilik talablarini bajarmasdan ushbu sabablarni kelib chiqishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan rasmiylashtirilgan tekshiruv materiallari huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
Shu bilan birga, Toshbuloq invest group MCHJ tomonidan marhum Hoshimov Baxrom Baxodir o‘g‘lining oila aʼzolariga (ota-onasi, akasi va ukasiga) 500 million so‘m miqdordagi zarar pullari to‘lab berildi.