O‘zbekiston va Turkmaniston chegaradosh hududlar aholisi uchun uch sutkagacha vizasiz qatnovni tiklash masalasini muhokama qildi.
Bu masala O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev va Turkmanistonning O‘zbekistondagi elchisi Shodurdi Meredovning 18-noyabr kungi uchrashuvida ko‘rib chiqildi.
Tomonlar 2004-yilgi hukumatlararo bitimda nazarda tutilgan vizasiz qatnovni qayta tiklash masalasini muhokama qilgan. Shuningdek, Toshkent—Ashxobod—Toshkent yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.
Uchrashuvda transport-logistika aloqalarini rivojlantirish, xalqaro yuk tashuvlarini yengillashtirish va chegara o‘tkazish punktlari faoliyatini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Konsullik sohasida fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda vakolatli idoralar o‘rtasida axborot almashinuvini yaxshilash yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan masalalarni tegishli idoralar bilan birgalikda ishlab chiqish va amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.