Said Abdulaziz Yusupov 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. U O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish va og‘irlashtiruvchi holatlarda tuhmat qilishda aybli deb topilgan. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Sud hukmi 20-noyabr kuni harbiy sud tomonidan o‘qilgan. Yusupov Jinoyat kodeksining 159-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 139-moddasi 2-qismi “a, g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Said Abdulaziz Yusupov muqaddam ham sudlangan. U 2019-yil 10-may kuni firibgarlikda gumonlanib qo‘lga olingan. O‘shanda unga o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik va pora berish bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

U 2020-yil 8-iyul kuni qamoqdan ozod etilgan.

Ma’lumot uchun, Said Abdulaziz Yusupov 1982-yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan. U O‘zbekiston fuqarosi, oliy ma’lumotli va oilali. Qo‘lga olingunga qadar O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlagan.

U OAVdagi maqolalari va video chiqishlari bilan tanilgan. Xususan, uning “uchta FFF nazariyasi” haqidagi chiqishi jamoatchilikda muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 20/11/2026