O‘zbekistonda aholi tomonidan sezilayotgan inflyatsiya darajasi oktyabr oyida 10,2 foizni tashkil etdi. Bu sentyabrdagi ko‘rsatkichdan 1 foiz bandga yuqori. Bu haqda Markaziy bankning 3500 nafar respondent ishtirokidagi so‘rovi natijalarida ma’lum qilindi.
So‘rovda qatnashganlar so‘nggi 12 oyda narxlar qanchaga oshganini o‘z kuzatuvlari asosida baholagan. Javoblarning mediana ko‘rsatkichi ham oshib, 9 foizga yetgan.
Hududlar orasida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida 12,1 foiz bo‘lgan. Undan keyingi o‘rinlarda Surxondaryo (11,4 foiz) va Xorazm (11,2 foiz) viloyatlari qayd etilgan.
Eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘istonda 8,5 foizni tashkil etgan. Navoiyda 9,1 foiz, Toshkent viloyatida esa 9,5 foiz bo‘lgan.
Daromadi oyiga 20–30 mln so‘m bo‘lgan fuqarolar inflyatsiyani 14 foiz deb baholagan. 30 mln so‘mdan ko‘p daromad oluvchilarda bu ko‘rsatkich 13,1 foiz, 15–20 mln so‘m daromad oluvchilarda 12,6 foizni tashkil etgan.
Daromadi 2 mln so‘mdan kam fuqarolarning inflyatsiya haqidagi bahosi sentyabrdagi 7,7 foizdan 9,5 foizga, 2–4 mln so‘m daromad oluvchilarniki esa 8,7 foizdan 9,6 foizga oshgan.
Respondentlar eng ko‘p go‘sht va sut mahsulotlari (52 foiz), benzin va boshqa yonilg‘ilar (47 foiz), elektr energiyasi va tabiiy gaz (38 foiz) qimmatlashganini bildirgan.
Sohalar kesimida inflyatsiyani eng yuqori baholaganlar axborot texnologiyalari (11,1 foiz), savdo (11 foiz), qurilish va maishiy xizmatlar (10,7 foiz) vakillari bo‘lgan. Eng past ko‘rsatkich umumiy ovqatlanish (8,6 foiz) va turizm (8,8 foiz) sohalarida qayd etilgan.