Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishining loyiha boshqaruvi ofisi (PMO) bosh menejeri lavozimiga turkiyalik mutaxassis Berk Albayrak tayinlandi. Bu haqda u o‘zining LinkedIn sahifasida ma’lum qilgan, deb yozdi “Gazeta.uz”.

Ma’lum bo‘lishicha, Berk Albayrak loyiha doirasida qurilish jarayonlarini kompleks boshqarish, loyiha jadvali va byudjet ijrosini nazorat qilish, shuningdek xalqaro pudratchilar hamda konsorsium a’zolari o‘rtasida muvofiqlikni ta’minlash bilan shug‘ullanadi. U texnik, operatsion va strategik qarorlar uyg‘unligini ta’minlash uchun mas’ul bo‘ladi.

Tayinlov yuzasidan fikr bildirar ekan, Albayrak ushbu muhim infratuzilma loyihasi rivojiga hissa qo‘shishdan mamnun ekanini, barcha manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikda yuqori natijalarga erishishni maqsad qilganini ta’kidlagan.

Berk Albayrak avval Istanbuldagi Sabiha Gyokchen nomidagi xalqaro aeroportda bosh direktor lavozimida faoliyat yuritgan. Ushbu aeroport Yevropada yo‘lovchi oqimi bo‘yicha yetakchi aeroportlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, u Kuvaytda yangi xalqaro aeroport qurilishi loyihasida loyiha direktori sifatida ham ishlagan.

Qayd etilishicha, Yangi Toshkent xalqaro aeroporti loyihasining umumiy qiymati 5,5 milliard AQSH dollariga baholanmoqda.

Mutaxassisning professional faoliyati 30 yildan ortiq tajribani qamrab oladi. U Anqaradagi Yaqin Sharq texnika universitetining (METU) fuqarolik muhandisligi fakultetini tamomlagan, keyinchalik shu yo‘nalishda magistrlik darajasini olgan. Faoliyati davomida Turkiya Transport vazirligiga qarashli Davlat aeroportlari boshqarmasida, shuningdek Limak Holding tarkibidagi yirik aviatsiya loyihalarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

U Istanbul Ataturk, Antaliya, Izmir Adnan Menderes, Anqara Esenboga, Bodrum va Dalaman kabi qator yirik aeroportlarning qurilishi va boshqaruvida bevosita ishtirok etgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 17/01/2026