O‘zbekistonda yiliga 10 million kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi iste’mol qiluvchi korxonalar uchun elektr energiyasini “soatbay” shakllangan narxlarda ulgurji bozordan xarid qilish tizimini joriy etish taklif qilindi. Bu haqda prezident rahbarligida 14-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, hozirgi kunga qadar yiliga 10 million kVt/soatdan ko‘p elektr iste’mol qilayotgan yirik ulgurji iste’molchilar ro‘yxati shakllantirilgan. Mazkur korxonalar uchun elektr energiyasini ulgurji bozorda “soatbay” narxlarda, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilish tizimini joriy etish taklif etildi.
Yig‘ilishda, shuningdek, energetika va kommunal sohalarda tartibga solish tizimini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Bugungi kunda ushbu sohalar bo‘yicha alohida regulyatorlarni tashkil etish ishlari olib borilayotgani, xorijiy tajribani inobatga olgan holda yagona regulyatorni joriy etish taklifi bildirildi.
Prezident mazkur tashabbuslarni ma’qullab, energiya samaradorligini oshirish, resurslardan oqilona foydalanish hamda energetika bozorida raqobat muhitini shakllantirish muhimligini ta’kidladi. Mutasaddilarga bu borada aniq vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, prokuratura va ichki ishlar organlariga muhokama qilingan sohalarda qonun talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, javobgarlikning muqarrarligini kafolatlash hamda belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha hokimliklar bilan yaqindan hamkorlik qilish topshirildi.