So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xalqaro yuk tashuvlarini, jumladan tranzit tashish hajmini oshirish, shuningdek, tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va mamlakat hududi orqali o‘tuvchi yangi logistika transport yo‘laklarini shakllantirish bo‘yicha salmoqli natijalarga erishildi.
Mazkur yo‘nalishda multimodal tashishlar faol rivojlantirildi. Xususan, “O‘rta koridor” orqali yuk tashish hajmi 2020-yildagi 500 ming tonnadan 2025-yilda 1 mln tonnadan oshdi. Shuningdek, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” yo‘nalishida yuk tashish hajmi 33,7 ming tonnadan 1,8 mln tonnagacha yetdi.
Mamlakatning tranzit salohiyatini yanada oshirish maqsadida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi jadallik bilan davom etmoqda. Shu bilan birga, Transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy masalalar hal etilib, hozirda loyiha bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos (TIA) ishlab chiqilmoqda.
Xalqaro avtomobil tashuvlari sohasida ham muhim yangiliklar qayd etildi. Jumladan, Qirg‘iziston va Ozarbayjon bilan E-permit tizimi joriy etildi. Bundan tashqari, respublika hududida joylashgan 24 ta transport-logistika markaziga xalqaro quruqlik portlari maqomi berildi.