O‘zbekiston Respublikasida 2026-yil 1-apreldan mudofaa tizimida kontrakt asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning maoshi 10 foizga ko‘paytiriladi. Bu haqda Prezident raisligida bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda shuningdek, Mudofaa vazirligi ofitserlariga ko‘p yillik xizmati uchun ustama miqdori 2 karra oshirilishi, hududiy mudofaa ishlari boshqarmasi va bo‘limlarining harbiy bo‘lmagan xizmatchilarining oyligi 20 foizga oshirilishi, kelasi yili esa yana 50 foizga ko‘paytirilishi belgilandi.
Qurolli Kuchlar safida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiya hisoblashda inobatga olinadigan oylik miqdori 75 foizdan 100 foizga yetkaziladi. Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar uchun uy-joy qurilishi dasturi kengaytiriladi.
Yig‘ilishda mas’ullarga harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minotini belgilaydigan qonun loyihasini tayyorlab, parlamentga kiritish topshirildi.
Prezident yig‘ilishda shunday ta’kidladi:
“Harbiy xizmatchilar mehnatini qadrlash, ularning oila a’zolari va harbiy pensionerlarni ijtimoiy himoya qilish doimo diqqat-e’tiborimiz markazida bo‘lishi zarur”.
Shuningdek, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini raqamlashtirish sharoitida kiberxavfsizlikni ta’minlash va milliy raqamli infratuzilmaning barqarorligini mustahkamlash alohida e’tibor talab qilishi qayd etildi. Mas’ullarga shaxsga doir ma’lumotlar va raqamli tizimlar himoyasini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni belgilash topshirilgan.