O‘zbekistonda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. So‘nggi yillarda ona va bola o‘limi ko‘rsatkichlarida sezilarli pasayish qayd etilmoqda.
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 1991-yilda har 100 ming tirik tug‘ilishga nisbatan 65,3 nafarni tashkil etgan onalar o‘limi bugungi kunga kelib 14,8 nafargacha kamaygan. Bu ko‘rsatkich so‘nggi 30 yildan ortiq davrda qariyb 4,5 barobar pasayganini anglatadi.
Shuningdek, go‘daklar va 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi darajasida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Xususan, 1991-yilda go‘daklar o‘limi har ming tirik tug‘ilishga 35,5 nafarni, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi esa 48,2 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 9 va 12,5 nafargacha pasaygan.
Mutaxassislar bu natijalarni birinchi navbatda ona va bola salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan kompleks choralar, profilaktik tibbiyotga e’tibor kuchaygani hamda birlamchi tibbiy yordam tizimining takomillashgani bilan izohlamoqda.
Qayd etilishicha, onalar va bolalar o‘limining kamayishi nafaqat sog‘liqni saqlash tizimi samaradorligini oshirmoqda, balki oilalarda barqarorlikni mustahkamlash, aholining tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ishonchini kuchaytirish hamda kelajak avlod uchun sog‘lom muhit yaratishga xizmat qilmoqda.