“Aeroportlar, avtovokzallar va avtostansiyalarning nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish hamda ularga yangi nom berish to‘g‘risida” Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekistonda nomlari davlat tili me’yorlariga muvofiqlashtiriladigan aeroportlar, avtovokzallar va avtostansiyalar ro‘yxati tasdiqlandi. Mazkur ro‘yxatdan jami 161 ta obyekt o‘rin olgan. Shuningdek, yangi nom beriladigan aeroportlar, avtovokzallar va avtostansiyalar ro‘yxati ham tasdiqlanib, unga 21 ta obyekt kiritilgan.

Xususan, Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan Toshkent—Sharqiy aeroporti Toshkent—Humo deb qayta nomlandi. Mazkur aeroport 2024-yil noyabr oyida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tashrif buyurgan birinchi mehmon bo‘lgani bilan ham e’tibor qaratgandi.

Qarorda belgilanishicha, Transport vazirligi Uzbekistan Airports, Uzbekistan Airways, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan hamkorlikda uch oy muddatda bir qator ishlarni amalga oshiradi.

Xususan, aeroportlar, vokzallar va avtostansiyalar nomlarining davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirilishi hamda yangi nom berilishi munosabati bilan tegishli hujjatlar, xaritalar va ma’lumotlar bazalariga o‘zgartirishlar kiritilishi, shuningdek, ushbu obyektlarga o‘rnatilgan peshlavhalar va axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishi ta’minlanadi.

Hujjatga muvofiq, avtovokzal va avtostansiyalarga nom berish hamda ularning nomlarini o‘zgartirish Transport vazirligining taklifiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 12/01/2026