Toshkent shahridagi profilaktika inspektorlari va profilaktika xizmati apparati xodimlarining oylik maoshlariga bir barobardan besh barobargacha ustamalar joriy etildi. Ustamalar 1-iyuldan hisoblanib, xodimlarga 20-iyuldan boshlab to‘lab beriladi.

Bu haqda Profilaktika xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Rahim Naimov matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 27-yanvar kuni prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng Toshkent shahrida jamoat xavfsizligini ta’minlash va profilaktika xizmatini rivojlantirishga qaratilgan alohida yopiq qaror qabul qilingan.

Mazkur qarorga asosan, poytaxtdagi profilaktika inspektorlari hamda apparat xodimlariga ish stajidan kelib chiqib, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir barobaridan besh barobarigacha ustamalar belgilanadi.

Qayd etilishicha, ustamalar 1-iyuldan hisoblanmoqda. Xodimlar yangilangan miqdordagi ish haqlarini 20-iyuldan boshlab oladi.

Rahim Naimovning aytishicha, hozirda profilaktika inspektorlarining maqomi to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, prezidentga respublika bo‘yicha jamoat xavfsizligini ta’minlashda profilaktika inspektorlarining rolini kuchaytirishga qaratilgan qaror loyihasi ham taqdim etilgan.

Mas’ulning ta’kidlashicha, Toshkent shahrida joriy etilgan ushbu tajribani kelgusida respublikaning boshqa hududlaridagi profilaktika inspektorlariga ham tatbiq etish rejalashtirilgan. Hozirda buning uchun zarur hujjatlar loyihalari ustida ish olib borilmoqda.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 14/07/2026