Toshkent shahar hokimligi yo‘l bo‘yidagi pulli avtoturargohlardan foydalanganlik uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmagan haydovchilarga ma’muriy javobgarlik joriy etishni taklif qilmoqda. Tegishli qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 128¹¹-modda bilan to‘ldiriladi. Unga muvofiq, yo‘l bo‘yidagi pulli avtoturargohdan foydalanganlik uchun belgilangan muddatda to‘lovni amalga oshirmaslik yoki undan bo‘yin tovlash bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) ikki baravari miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-sentyabrdan BHM 440 ming so‘m etib belgilanadi. Shundan kelib chiqib, mazkur qoidabuzarlik uchun jarima miqdori 880 ming so‘mni tashkil etadi.

Loyihada bunday huquqbuzarliklar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari hamda axborot tizimlari orqali aniqlanishi nazarda tutilgan. Qonunchilikka muvofiq pulli avtoturargohlardan bepul yoki imtiyozli foydalanish huquqiga ega shaxslarga esa ushbu javobgarlik tatbiq etilmaydi.

Hujjat izohida ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda tirbandliklarni kamaytirish va yo‘l infratuzilmasidan samarali foydalanish maqsadida pulli avtoturargohlar tizimi uchun huquqiy asoslar yaratilgan. Endilikda ushbu tizimdan foydalanish qoidalariga rioya etilishini ta’minlash va qoidabuzarliklarning oldini olish uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi taklif etilmoqda.

Ma’lumot uchun, Toshkent shahridagi yo‘l bo‘yidagi pulli avtoturargohlar Poytaxt Parking operatori tomonidan tashkil etiladi. Mazkur xizmatlarni ko‘rsatish huquqi bo‘yicha Streetpark Systems MCHJ ustun muzokara ishtirokchisi sifatida e’tirof etilgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 13/07/2026