Toshkent—Oʻsh avtomobil yoʻlining 5 kilometrlik qismida mahalliy olimlar tomonidan ishlab chiqilgan polimer asosidagi yangi asfalt sinov tariqasida yotqizildi. Mutaxassislar ushbu qoplama odatiy asfaltga nisbatan ikki barobardan ko‘proq xizmat qilishini ta’kidlamoqda.

“O‘zbekiston 24” telekanalining “Fakt 24” dasturida ma’lum qilinishicha, an’anaviy asfalt qoplamasi o‘rtacha besh yil xizmat qilsa, yangi polimer asosidagi asfaltning kafolat muddati 12 yilni tashkil etadi.

Mutaxassislar qayd etishicha, polimer asosidagi asfalt-beton qoplamalari bugungi kunda dunyo va mintaqa yo‘l qurilishida keng qo‘llanilmoqda. Bunga uning yuqori mustahkamligi, elastikligi, issiq havoda deformatsiyaga chidamliligi hamda uzoq xizmat muddati sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, bunday qoplama iqtisodiy jihatdan ham samarali bo‘lib, har bir tonna asfalt ishlab chiqarishda qariyb 70 ming so‘m mablag‘ni tejash imkonini beradi.

Avtomobil yo‘llari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya boshlig‘i Salohiddin Qurbonovning aytishicha, yangi polimer Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ilmiy-tadqiqot instituti hamda Basalt Uzbekistan korxonasi olimlari hamkorligida yaratilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi material yuqori haroratlarda asfalt qoplamasida yuzaga keladigan plastik deformatsiyalarni kamaytiradi, past haroratlarda esa qoplamaning yoriqlarga chidamliligini oshiradi.

Mutaxassislar kelgusida mamlakat bo‘ylab amalga oshiriladigan yo‘l qurilishi va rekonstruksiya loyihalarida mahalliy ishlab chiqarilgan polimer asosidagi asfalt qoplamalaridan keng foydalanish rejalashtirilayotganini bildirdi. Bu yo‘llarning xizmat muddatini uzaytirish, qurilish xarajatlarini kamaytirish hamda mahalliy sanoatni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 13/07/2026