O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun ijtimoiy soliq to‘lashni majburiy etish rejalashtirilmoqda. Hukumat bu orqali fuqarolarning mehnat stajini shakllantirish va kelgusida ijtimoiy himoya tizimidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni maqsad qilgan.
Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, hozirda o‘zini o‘zi band qilgan 2,8 million nafar fuqaroning qariyb 800 ming nafari ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lamoqda. Amaldagi tartibga ko‘ra, Pensiya jamg‘armasiga bazaviy hisoblash miqdori miqdorida to‘lov amalga oshirilsa, fuqaroga bir yillik mehnat staji hisoblanadi.
“Mana shuni rag‘batlantirish maqsadida majburiy tartibda belgilash tizimini joriy qilmoqchimiz”, dedi vazir o‘rinbosari.
Nafaqa va ijtimoiy sug‘urta imkoniyatlari kengayishi mumkin
Rasmiyga ko‘ra, yangi tizim fuqarolarning pensiyaga chiqish vaqtida yetarli ish stajiga ega bo‘lishini ta’minlash bilan birga, Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mexanizmlarini ham kengaytiradi.
Xususan, kelgusida o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar bola parvarishi yoki kasallik sabab mehnat faoliyatini vaqtincha to‘xtatganida nafaqa olish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.
Otabek Fozilkarimovning ta’kidlashicha, mazkur yo‘nalishdagi takliflar davlat rahbari tomonidan ma’qullangan.
Pensiya hisoblash tartibi ham o‘zgarishi mumkin
14-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga pensiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.
Amaldagi tartibda pensiya miqdori fuqaroning oxirgi 10 yillik mehnat faoliyatidagi eng maqbul 5 yillik ish haqi asosida hisoblanadi. Shu bilan birga, ish haqining 6 million so‘mdan ortiq qismi hisob-kitobda inobatga olinmaydi.
Taqdimotda pensiya hisoblanadigan ish haqi davrini 5 yildan 20 yilgacha kengaytirish, ayrim past daromadli davrlarni hisob-kitobdan chiqarish hamda 2027-yildan pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining maksimal chegarasini 6 million so‘mdan 6,6 million so‘mga oshirish taklif qilingan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi tartib joriy etilsa, pensiyaga chiqadigan fuqarolarning pensiya miqdori o‘rtacha 8 foizga oshishi mumkin.
Shuningdek, oylik daromadi 7,6 million so‘mgacha bo‘lgan fuqarolar jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga ish haqining 5 foizini yo‘naltirsa, davlat tomonidan qo‘shimcha 2,5 foiz mablag‘ ajratish taklif etilgan. Daromadi 7,6 million so‘mdan yuqori bo‘lgan fuqarolar uchun esa ijtimoiy soliqning ushbu miqdordan ortiq qismidan 1 foizini jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.