Toshkent viloyatidagi maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning ommaviy zaharlanishi holati yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan maxsus ishchi guruh tuzildi.
Viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan bir nechta autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi xususiy korxonalar mas’ul shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergov ishi to‘liq va sifatli o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida jinoyat ishi Bosh prokuratura nazoratiga olindi. Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligida maxsus ishchi guruh tashkil etildi.
Oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib bergan korxonalar bilan bog‘liq muassasalardagi barcha tarbiyalanuvchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, tashxis va davolash ishlari tashkil etildi. Bolalar orasida og‘ir yoki o‘ta og‘ir darajadagi kasallanganlar qayd etilmadi, vaziyat shifokorlar nazoratida.
Shu bilan birga, bunday holatlarning takrorlanishini oldini olish maqsadida barcha davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida autsorsing asosida oziq-ovqat ta’minoti yuzasidan prokuratura organlari tomonidan keng qamrovli o‘rganish ishlari tashkil etildi.
Tergov yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha axborot jamoatchilikka taqdim etilishi ma’lum qilindi.