“O‘zatom” agentligi xabariga ko‘ra, 26-sentyabr kuni O‘zbekiston va Rossiya davlat atom korporatsiyasi “Rosatom” o‘rtasida mamlakatda birinchi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha qo‘shimcha hujjatlar imzolandi.

Birinchi hujjat — “Rosatom Energetika loyihalari” AJ va “AES qurilishi direksiyasi” DK o‘rtasida 2025-yil 20-iyundagi bitimga kiritilgan qo‘shimcha bitimdir. Mazkur hujjat O‘zbekistonda integratsiyalashgan AES qurilishi loyihasini amalga oshirishning asosiy shartlarini belgilaydi. Unga muvofiq, 3+ avloddagi 2 ta VVER-1000 reaktorlari va 2 ta RITM-200N reaktorlari asosida kichik va katta quvvatli bloklardan iborat stansiya barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Ikkinchi hujjat esa O‘zbekistonda AES uchun yadro yoqilg‘isini yetkazib berish masalasiga bag‘ishlangan. “Rosatom Energetika loyihalari” AJ va “AES qurilishi direksiyasi” DK o‘rtasida imzolangan ushbu bitim kichik va katta quvvatli AESlar uchun RITM-200N va VVER-1000 reaktor qurilmalari bo‘yicha yadro yoqilg‘isi, ehtiyot qismlar, montaj hamda nazorat uskunalarini yetkazib berishning asosiy shartlarini mustahkamlaydi.

“O‘zatom” agentligi qayd etishicha, imzolangan hujjatlar O‘zbekistonda birinchi AES qurilishi loyihasini amaliy bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 26/09/2025