Chiqindilarni boshqarish agentligi Samarqand shahrida respublikada ilk bor yerosti chiqindi saqlash majmuasi tashkil etilganini ma’lum qildi.
Qorasuv massivi “Obod maskan” mahallasida o‘rnatilgan majmua 2 metr chuqurlikda joylashtirilgan bo‘lib, har biriga 2 tadan jami 4 ta maxsus konteyner o‘rnatildi. Har bir konteynerning sig‘imi 3 metr kub (550 litr) bo‘lib, u 1000–1500 nafar aholiga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Kelgusida hududda yana 5 ta shunday majmua barpo etilishi rejalashtirilgan.
Agentlikka ko‘ra, mazkur tizim chiqindilarning atrofga sochilib ketishining, issiq kunlarda noxush hidlarning oldini olish va aholiga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida joriy etildi. Mahalliy aholi ham mazkur tashabbusni mamnuniyat bilan qabul qilib, chiqindilarni nazoratda saqlashning samarali usuli sifatida baholadi.
Ma’lumot uchun, chiqindilarni yer ostida saqlash amaliyoti O‘zbekistonda ilk bor 2017-yilda Navoiyda sinov tariqasida qo‘llanilgan, 2018-yilda esa Toshkent shahrida vaqtincha yer osti konteynerlari o‘rnatilgandi.