Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Bo‘stonliqda vaxshiy ayiqni vaxshiylarcha o‘ldirishdi” mazmunidagi xabar yuzasidan Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Bo‘stonliq tumani bo‘limi va Burchmullo davlat o‘rmon xo‘jaligi xodimlari joyiga chiqib o‘rganish ishlari olib bordi.
O‘rganish davomida Burchmullo davlat o‘rmon xo‘jaligining Qorong‘u-to‘qay bo‘limi Cho‘loqmergan hududida bitta Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘i topildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hayvon taxminan 70–80 metr balandlikdagi qoya toshdan yiqilib nobud bo‘lgan.
Qo‘ng‘ir ayiq tanasidan nobud bo‘lish sabablari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti ekspertiza markazi tomonidan aniqlanadi. Xulosa natijalari chiqunga qadar hayvon jasadi Burchmullo davlat o‘rmon xo‘jaligining tegishli bo‘limida vaqtincha saqlanadi. Yakuniy xulosaga muvofiq, holatga huquqiy baho beriladi.
Ma’lumot uchun, qo‘ng‘ir ayiq O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan bo‘lib, CITESning I ilovasida ham qayd etilgan. U zaif, yirik, ammo mozaik tarqalgan kenja tur hisoblanadi va uni ovlash taqiqlangan.