Toshkent viloyati Angren shahri hududidan o‘tgan A-373 “Toshkent–O‘sh” xalqaro avtomobil yo‘lining 93-kilometrida 7-sentabr kuni soat taxminan 12:20 larda yirik YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Mh

Unga ko‘ra, 1981-yilda tug‘ilgan fuqaro A.R. boshqaruvidagi sement tashuvchi Shacman rusumli yuk avtomashinasi boshqaruvni yo‘qotib, temir yo‘l kesishmasida to‘xtab turgan ikki yuk mashinasi hamda beshta yengil avtomashina bilan to‘qnashgan.

To‘qnashuv oqibatida yuzaga kelgan yong‘in voqea joyiga yetib kelgan maxsus kuch va vositalar yordamida tezkorlik bilan o‘chirilgan.

Hodisa natijasida 7 nafar fuqaro voqea joyida halok bo‘lgan, 5 kishi tan jarohati olib tibbiyot muassasalariga yotqizilgan, yana 4 nafar fuqaro tibbiy yordam olgach, uyiga javob berilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

“Hozirda vaziyatni to‘liq o‘rganish, jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish hamda og‘ir oqibatlarga olib kelgan shart-sharoitlarga huquqiy baho berish maqsadida tegishli davlat organlari mutaxassislaridan iborat Bosh vazir o‘rinbosari A.Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzilgan bo‘lib, voqea tafsilotlari o‘rganilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 08/09/2025