Toshkent viloyatida mahallalar soni optimallashtirilishi natijasida 142 taga kamaydi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdagi sessiyasida mahallalarning maqbullashtirilgan chegaralarini tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida Davlat kadastrlari palatasi hamda Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmalari tomonidan mahallalar sonini qayta ko‘rib chiqish va tartibga keltirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
Natijada, viloyatdagi mahallalar soni 142 taga qisqartirildi, 178 ta mahalla chegaralariga o‘zgartirishlar kiritildi. Shu bilan Toshkent viloyatida jami mahallalar soni 883 tani tashkil etadigan bo‘ldi.
Sessiya davomida Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi rahbarining ushbu masala yuzasidan bergan hisoboti tinglandi va deputatlar tomonidan yangilangan mahallalar chegaralari tasdiqlandi.