AQSH kompaniyalari bilan hamkorlikda O‘zbekistonda dori-darmon va farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov 11-dekabr kuni AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazgan. Muloqot davomida tibbiy ta’lim, infeksion kasalliklarni yuqori texnologiyalar yordamida tashxislash, tibbiyot muassasalarini boshqarish, sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish hamda tibbiy sug‘urta yo‘nalishlarida yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashilgan.

Shuningdek, AQSH kompaniyalari bilan birgalikda O‘zbekistonda dori-darmon va farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, mamlakatdagi shifoxonalarni zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash masalalari batafsil ko‘rib chiqilgan. Uchrashuv yakunida tomonlar tibbiyot sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olgan.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda O‘zbekiston AQSHning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) hamda boshqa nufuzli tashkilotlar bilan sil va o‘pka kasalliklari profilaktikasi, tibbiyot muassasalarini maxsus uskunalar bilan jihozlash, gepatit B va C hamda boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish, sanitariya va epidemiologiya yo‘nalishlarida hamkorlik qilib kelmoqda.

Ta’lim sohasida esa O‘zbekiston tibbiyot oliygohlari AQSHning qator universitetlari, jumladan, Pittsburg, Olbani, Vebster, Franklin universitetlari hamda ko‘plab klinikalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovning ma’lum qilishicha, hozirda O‘zbekistonga import qilinayotgan dori vositalarining 65 foizi faqat O‘zbekiston bozori uchun ishlab chiqarilgan. Uning ta’kidlashicha, bu holat farmatsevtika sohasida muammolar mavjudligi haqida savollarni keltirib chiqaradi.

Shuningdek, import qilinayotgan dori vositalarining katta qismi Hindistonda ishlab chiqarilayotgani, ayrim preparatlarni esa boshqa davlatlar bozorida uchratib bo‘lmasligi qayd etilgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 15/12/2025