Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanida is gazidan zaharlanish oqibatida uch kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 13-dekabr kuni “Samanko‘l” OFY Qamissholi aholi punkti Faxriylar ko‘chasida joylashgan xonadonda sodir bo‘lgan. Uyini ijaraga olib, ikki nafar nabirasi bilan yashab kelgan fuqaro xonadonni isitish maqsadida qo‘lbola isitish pechini o‘zboshimchalik bilan boshqa xonaga ko‘chirgan va uni mo‘risiz holda gaz tarmog‘iga noqonuniy ravishda ulagan.
Oqibatda gaz yonishi jarayonida ajralib chiqqan tutun — is gazidan xonadondagi oila a’zolari kuchli zaharlangan. Natijada fuqaro A.J. hamda uning nabiralari — 2011-yilda tug‘ilgan A.S. (8-sinf o‘quvchisi) va 2015-yilda tug‘ilgan A.Q. (4-sinf o‘quvchisi) voqea joyida vafot etgan.
Tuman hokimligi marhumlarning oila a’zolariga ijtimoiy yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qildi. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.