Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligining uchinchi bosqichi natijalari bo‘yicha poytaxt IIBB ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, tadbirlar davomida yuzlab huquqbuzarliklar fosh etildi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, oylik boshidan 27 kilogrammdan ortiq giyohvandlik moddalari hamda 26 358 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy muomaladan chiqarilgan. Umumiy hisobda taqiqlangan moddalar bilan bog‘liq 315 ta holat aniqlanib, ularning orasida 26 nafar zakladchiklar qo‘lga olingan.
Uyushgan jinoyatchilikka qarshi yo‘nalishda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda 128 ta holat aniqlangan. Jami 274 ta noqonuniy saqlangan buyumlar rasmiylashtirilib olingan. Ular orasida ikkita ov quroli, 546 ta jangovar o‘q, 30 ta pnevmatik qurol va 1100 dona pnevmatik o‘qlar, shuningdek oltita bita, 16 ta kastet, 216 ta pichoq va boshqa turli predmetlar bor.
Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha 96 ta jinoyat fosh qilinib, tegishli moddalarga ko‘ra ishlar qo‘zg‘atilgan. Terrorizm va diniy ekstremizmga oid 9 ta holat bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.
Axborot texnologiyalari sohasida sodir etilgan 152 ta jinoyat fosh etilib, qidiruvda bo‘lgan 130 nafar shaxs ushlangan.
Bundan tashqari, jamoat joylarida o‘tkir tig‘li jismlar olib yurgani uchun 1564 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.