Toshkent viloyati va Toshkent shahrida yer maydonlarini ajratish jarayonida korrupsion holatlar aniqlanib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Toshkent viloyatidagi holat:
Viloyat hokimligining investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi bosh mutaxassisi, Toshkentdagi notarius yordamchisi, rieltor va yana bir shaxs tadbirkorning ishonchiga kirib, Chirchiq shahridagi MCHJ balansidagi 8,5 gektar yer maydonini 6,8 mln dollarga sotib olishga ko‘maklashishni va kerakli ruxsatnomalarni olib berishni va’da qilgan. Ular buning evaziga 500 ming dollar, jami 7,3 mln dollar talab qilgani aytilmoqda.
DXX, IIV va Departament tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular 160 ming dollar olayotganda ushlandi. Ularga nisbatan firibgarlik va pora berish bilan bog‘liq moddalar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Toshkent shahridagi holat:
Poytaxtning Yashnobod tumanida 80 kv.m yer maydonini auksion orqali olgan tadbirkorning yer ijara shartnomasi hokimlik tomonidan bekor qilinishi bo‘yicha sud jarayoni o‘tgan. Sud tadbirkor foydasiga qaror chiqargan.
Ammo hokimlikning bosh yuristkonsulti ushbu qarordan apellyatsiya bermaslik evaziga tadbirkordan 5 ming dollar talab qilgan. Tezkor tadbir davomida u 4 ming dollar olayotganda qo‘lga olingan.
Unga nisbatan pora olish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.