Oqdaryo, Payariq, Pastdarg‘om, Toyloq va Samarqand tumanlaridagi jami 17,5 ming gektar yer maydoni Samarqand shahriga qo‘shib beriladi. Natijada shahar aholisi 604 mingdan 882 ming nafarga yetadi.
Aholisi va iqtisodiy salohiyati tez sur’atlarda o‘sib borayotgan shahar uchun zamonaviy uy-joylarga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida uchta yirik qurilish hududi tanlab olindi.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra:
-
“Shirin” massivi — 180 ming aholi uchun,
-
“Temiryo‘l orti” hududi — 100 ming aholi uchun,
-
“Qorasuv-2” massivi — 30 ming aholi uchun
700 dan ortiq ko‘p qavatli zamonaviy uylar barpo etiladi. Ushbu massivlarda maktab, bog‘cha, oliy ta’lim muassasalari, shifoxona, zamonaviy biznes va savdo markazlari, mehmonxona, restoran va ko‘ngilochar maskanlar qurilishi rejalashtirilgan.
Kelasi yilda viloyatga qarashli 49 ta tashkilot “Shirin” massiviga ko‘chiriladi. Shu yil oxirigacha mazkur massivni shahar markazi bilan bog‘lovchi Qoradaryo ustidagi 577 metrli ko‘prik foydalanishga topshiriladi.
Bundan tashqari, ispaniyalik investorlar bilan xususiy sheriklik asosida uchta massivning kanalizatsiya tizimini to‘liq yangilash ko‘zda tutilgan. Shaharda yuk transporti harakatini qisqartirish maqsadida Oqdaryo, Toyloq va Samarqand tumanlari hududlarida magistral yo‘l bo‘yida to‘rtta logistika markazi barpo etiladi.