O‘zbekistonda 2025-yil davomida tez tibbiy yordam xizmatiga yolg‘on chaqiriqlar soni 531 taga oshdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilda 103 xizmatiga mamlakat bo‘ylab jami 3 244 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan. Eng ko‘p asossiz murojaatlar Qashqadaryo viloyatida qayd etilib, ularning soni 784 tani tashkil etgan.

Keyingi o‘rinlarda Surxondaryo viloyati — 499 ta, Farg‘ona viloyati — 394 ta hamda Samarqand viloyati — 337 ta yolg‘on chaqiriq bilan qayd etilgan. Eng kam yolg‘on murojaat esa Sirdaryo viloyatida kuzatilgan — 48 ta.

Shu bilan birga, so‘nggi 8 yil davomida tez tibbiy yordam tizimi imkoniyatlari sezilarli darajada kengaytirilgani qayd etildi. Xususan, 103 xizmatiga qarashli shoxobchalar soni 818 tadan 1 680 taga, tez tibbiy yordam brigadalari esa 1 648 tadan 2 865 taga yetkazilgan.

Bundan tashqari, brigadalarning chaqiruvga yetib borish vaqti o‘rtacha 25–30 daqiqadan 10–15 daqiqagacha qisqartirilgan. Mas’ul idoralar yolg‘on chaqiriqlar haqiqatan yordamga muhtoj bo‘lgan bemorlarga o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatishga salbiy ta’sir ko‘rsatishini yana bir bor eslatmoqda.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 05/02/2026