O‘zbekistonda kriptovalyuta xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar uchun litsenziya olish tartibi yanada qat’iylashtirilmoqda. Bu haqdagi tegishli hujjat Jamoatchilik muhokamalari portalida e’lon qilindi.
Yangi tartibga ko‘ra, litsenziyalovchi organ tomonidan professional baholash mexanizmi joriy etiladi. Unda ko‘rib chiqilayotgan masalaning haqiqiy mazmuni rasmiy ko‘rinishdan ustun qo‘yiladi. Agar ushbu baholash natijasi salbiy bo‘lsa, kompaniyaga litsenziya berish rad etilishi mumkin.
Shuningdek, kriptobozor ishtirokchilari va ularning rahbarlarining ishbilarmonlik obro‘siga qo‘yiladigan talablar ham kuchaytirilmoqda. Endilikda nafaqat sud hukmlari, balki iqtisodiy huquqbuzarliklarga aloqadorlik bo‘yicha mavjud ma’lumotlar ham litsenziya berishni rad etish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Hujjatda kriptokompaniyalar zimmasiga fuqarolarni majburiy ravishda ogohlantirish talabi ham yuklatilmoqda. Xususan, kriptoaktivlar O‘zbekistonda to‘lov va to‘lovni qabul qilish vositasi emasligi, davlat tomonidan kafolatlanmaganligi, shuningdek, tavakkalchiliklar, texnik nosozliklar, noqonuniy harakatlar va talon-toroj qilish xavfi mavjudligi ochiq ko‘rsatilishi shart bo‘ladi.
Avvalroq O‘zbekistonda Binance kriptobirjasi rasman faoliyat boshlagani xabar qilingandi. Kompaniya mamlakatda o‘z xizmatlarini qonunchilikda belgilangan tartibda mahalliy Coinpay MCHJ orqali amalga oshirmoqda.
Bundan tashqari, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kriptoaktivlar faoliyatini litsenziyalash narxlari yuzasidan ham izoh berdi. Agentlikka ko‘ra, litsenziya to‘lovlari miqdori jahon tajribasi, shuningdek, ushbu sohada faoliyat yuritayotgan xalqaro kompaniyalar va mutaxassislar tavsiyalariga asoslanib belgilangan.