Xitoy Myanmada firibgarlik markazlarini boshqargan mashhur jinoiy sulolalardan biri — Bai oilasi mafiyasining to‘rt a’zosini qatl qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
O‘tgan hafta Xitoyda Ming oilasi mafiyasining 11 nafar a’zosini ham qatl etildi. Bu Janubi-Sharqiy Osiyoda minglab xitoyliklarni tuzoqqa tushirgan internet firibgarliklariga qarshi keng ko‘lamli choralar doirasida amalga oshirildi.
Yillar davomida Bai va Ming oilalari, shuningdek, boshqa bir nechta sulolalar Myanmaning chegaradagi Laukkaying shahrini nazorat qilib kelgan. U yerda kazinolar, fohishaxona hududlari va internet firibgarlik markazlarini boshqargan. Bai Suochengning o‘g‘li davlat OAViga bergan intervyusida Bai oilasi klanlar orasida “birinchi raqamli” bo‘lganini aytgan.
O‘z qurolli guruhini nazorat qilgan Bailar internet firibgarlik faoliyati va kazinolar uchun 41 ta majmua tashkil etgan. Bu hududlarda zo‘ravonlik odatiy hol bo‘lib, kaltaklash va qiynoqlar muntazam qo‘llangan. Bai oilasining jinoyatlari oqibatida olti nafar Xitoy fuqarosi halok bo‘lgan, bir kishi o‘z joniga qasd qilgan va ko‘plab odamlar jarohatlangan.
Bailar 2000-yillarning boshlarida Laukkaingda hokimiyat tepasiga kelgan. Bu shaharning o‘sha paytdagi harbiy qo‘mondoni esa operatsiya natijasida ag‘darilgan. Oʻsha paytda operatsiyani hozirda Myanma harbiy hukumatini boshqarayotgan Min Aung Hlaing olib borgan.
Harbiy rahbariyat hamkorlikka tayyor ittifoqchilarni izlagan va o‘sha paytda harbiy yetakchining o‘rinbosari bo‘lgan Bai Suocheng ular uchun mos nomzod bo‘lgan.
Biroq oilalarning saltanati 2023-yilda quladi. Pekin Myanma armiyasining firibgarlik markazlariga qarshi choralar ko‘rmayotganidan norozi bo‘lib, hududdagi etnik qurolli guruhlar hujumini bilvosita qo‘llab-quvvatladi. Bu esa Myanmadagi fuqarolar urushida burilish nuqtasi bo‘ldi. Natijada firibgar mafiyalar qo‘lga olinib, ularning a’zolari Xitoyga topshirildi.
Xitoyda ular davlat hujjatli filmlarining qahramoniga aylantirildi. Bu filmlar rasmiylarning firibgarlik tarmoqlarini butunlay yo‘q qilishga qat’iy bel bog‘laganini ko‘rsatishga qaratilgan. So‘nggi qatl etish holatlari orqali Pekin potensial firibgarlarga ogohlantiruvchi signal yubormoqda.
BMT baholariga ko‘ra, Myanma va Janubi-Sharqiy Osiyoning boshqa hududlarida yuz minglab odamlar majburan onlayn firibgarlik bilan shug‘ullanishga jalb qilingan. Ular orasida minglab Xitoy fuqarolari ham bor. Bu firibgarliklardan ko‘rilgan milliardlab dollar zarar asosan yana xitoylik qurbonlar hisobiga to‘g‘ri keladi.