Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yilda buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjatda ushbu sana munosabati bilan amalga oshiriladigan tashkiliy va amaliy chora-tadbirlar belgilab berilgan.

Qarorga muvofiq, har yili aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilinadi. Ushbu oy doirasida umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, korxona va tashkilotlar hamda mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchilar va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, badiiy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.

Shuningdek, Temuriylar davri tarixini tizimli o‘rganish va ilmiy natijalarni keng targ‘ib etishga qaratilgan, 2030-yilgacha mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” tasdiqlanishi belgilangan. Unda 2026-yil 9–10-aprel kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish rejalashtirilgan.

Yo‘l xaritasida Amir Temur va temuriylar davri tarixiga oid ilmiy hamda ilmiy-ommabop asarlarni tayyorlash va nashr etish, jumladan, “Temur tuzuklari” asarining ilmiy izohli matnini fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida chop etish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, “Temuriylar davrining 100 nodir qo‘lyozmasi” va “Temuriylar davrining 100 nodir durdonasi” nomli kitob-albomlar yaratiladi.

Qarorda temuriylar davriga oid xorijiy davlatlarda saqlanayotgan asl yozma manbalar nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish, “Tirik tarix” loyihasi doirasida suratga olingan tarixiy-badiiy va hujjatli filmlarni Yevropaning qator davlatlarida namoyish etish ham nazarda tutilgan. Shuningdek, Temuriylar davri manbalari bo‘yicha yagona elektron platforma yaratiladi.

Toshkent shahri hokimligi 2026-yil yakuniga qadar shahar mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan Temuriylar tarixi davlat muzeyini rekonstruksiya qilish, jihozlash, raqamlashtirish va yangi ekspozitsiyasini yaratish ishlarini amalga oshiradi.

Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi Fanlar akademiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda xorijiy davlatlarda “Buyuk temuriylar tarixi va madaniy merosi” mavzusida taqdimotlar, media tadbirlar va anjumanlar o‘tkazadi. Bu orqali “Buyuk temuriylar” atamasini xalqaro ilmiy istiloh sifatida joriy etish maqsad qilingan.

Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlab pochta markalari va konvertlar, taqvimlar, ko‘rgazmali axborot vositalari turkumi yaratiladi, shuningdek, esdalik kumush va oltin yubiley tangalari muomalaga chiqariladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 06/02/2026