Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil 15-oktyabr holatiga 173 mingdan ortiq tashkilotning qariyb 748 ming xodimi jami 831,5 milliard so‘mlik mol-mulk va yer solig‘ini to‘lamagan.
Shundan 501,2 milliard so‘m — yer solig‘i, 330,3 milliard so‘m esa mol-mulk solig‘iga to‘g‘ri keladi. Eng katta qarzdorlik tijorat tashkilotlari (644,9 mlrd so‘m) va byudjet tashkilotlari xodimlari (150,8 mlrd so‘m) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Soha kesimida eng ko‘p qarzdorlik sanoat (140,7 mlrd so‘m), qishloq xo‘jaligi (138,6 mlrd so‘m), savdo (116 mlrd so‘m) va qurilish (90,3 mlrd so‘m) tarmoqlarida qayd etilgan.
Soliqni eng ko‘p to‘lashi lozim bo‘lgan tashkilotlar orasida “Temiryo‘llarinfratuzilma” AJ (4 mlrd so‘m), “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ (3,3 mlrd so‘m) va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (3,3 mlrd so‘m) yetakchilik qilmoqda.