Migratsiya agentligi Rossiyada faoliyat yuritayotgan xalqaro yuk tashuvchi haydovchilarni Rossiya ichki ishlar organlarining “kirishi man etilgan shaxslar” ro‘yxatiga tushib qolish xavfi borligidan ogohlantirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil holatiga ko‘ra Rossiyadagi xalqaro avtomobil yuk tashishlarining qariyb 25 foizi o‘zbekistonlik haydovchilar tomonidan amalga oshirilmoqda. Biroq ayrim haydovchilar tomonidan migratsiya qoidalariga amal qilinmasligi sababli ularning Rossiyaga kirishi taqiqlanmoqda.
Migratsiya agentligi haydovchilar quyidagi talablarga qat’iy rioya etishlari zarurligini eslatdi:
-
chegaradan o‘tish chog‘ida migratsion kartani to‘g‘ri to‘ldirish (maqsad grafasida “turizm” emas, “slujebnaya” yoki “tranzit” deb ko‘rsatilishi lozim);
-
Rossiyaga kirgandan so‘ng 15 ish kuni ichida migratsiya ro‘yxatiga qo‘yilish (odatda bu mas’uliyat qabul qiluvchi tashkilot yoki ish beruvchi zimmasida bo‘ladi);
-
365 kunlik davr ichida 90 kundan ortiq qolib ketmaslik (90/365 qoidasi);
-
transport vositasi buzilishi yoki fors-major holatlar yuz berganda rasmiy akt yoki dalolatnoma rasmiylashtirish.
“Har bir harakat rasmiy hujjat bilan asoslangan bo‘lishi shart. Takroriy huquqbuzarliklar Rossiyaga 3 yildan 10 yilgacha kirish taqiqiga sabab bo‘lishi mumkin”, — deyiladi agentlik xabarida.