Sirdaryoda davlat raqam belgisini o‘zgartirgan holda harakatlangan yuk mashinasi haydovchisiga nisbatan choralar ko‘rildi. Bu haqda viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ZIL-53 rusumli yuk mashinasi davlat raqam belgisi o‘rniga “20 FARRUX” yozuvini taqib olgani aks etgan. Holat YHXB xodimlari tomonidan o‘rganilib, haydovchi aniqlangan.

Haydovchi qoidabuzarlikni tan olib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan. Hodisa yuzasidan belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va transport vositasi vaqtincha jarima maydoniga joylashtirildi.

Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasi 6-qismiga ko‘ra, davlat raqam belgisi yasama yoki boshqa usulda o‘zgartirilgan transport vositasini boshqarish BHMning 10 baravari miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 18/09/2025