O‘zbekistonda 2024-yilda respublika bo‘yicha sudlar jami 4 649 ta jinoyat ishini ko‘rib chiqib, 7 354 nafar shaxsni korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzada qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich 2023-yildagidan 819 nafarga ko‘pdir.

Javobgarlikka tortilganlarning 2 991 nafariga axloq tuzatish ishlari, 1 525 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 1 080 nafariga ozodlikni cheklash, 1 121 nafariga jarima jazosi tayinlangan. Shuningdek, ayrim hollarda shartli hukm chiqarilgan, jazodan ozod qilingan yoki jinoyat ishi tugatilgan.

Statistikaga ko‘ra, korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 2 trln 812 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Eng katta zarar Andijon (680 mlrd), Toshkent (332 mlrd), Namangan (308 mlrd) va Sirdaryo (289 mlrd) viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Sudlanganlar soni bo‘yicha ham Andijon viloyati (882 nafar) yetakchilik qilgan. Keyingi o‘rinlarda Namangan (877), Qashqadaryo (695) va Toshkent viloyati (697) qayd etilgan.

Soha kesimida esa maktabgacha va maktab ta’limi tizimi (654 nafar), sog‘liqni saqlash (342), tijorat banklari (271) va bandlik sohasi (202) vakillari ko‘p uchragan.

Eng ko‘p qayd etilgan jinoyatlar orasida o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (4 189 ta holat), firibgarlik (1 191 ta), pora berish (1 086 ta) va pora olish (187 ta) bor.

Milliy ma’ruzada qayd etilishicha, jinoyatlar sonining ortib borishi huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faolligi oshgani bilan birga, vazirlik va idoralardagi ichki nazorat tizimlarining samarasizligi bilan bog‘liq. Shu sababli 2025-yil 5-mart kuni Prezident raisligida o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash yig‘ilishida 117 ta davlat organi va tashkilotlari ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari lavozimidan ozod etilgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 19/09/2025