O‘zbekistonda Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoyishi qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvlar doirasida davlat boshqaruvi sohasida BAAning ilg‘or tajribasini joriy etish hamda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati samaradorligini yagona mezonlar asosida baholash tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Farmoyishda Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamda Boshqaruv samaradorligi agentligi dasturni amalga oshirish uchun mas’ul organlar etib belgilangan.

Qayd etilishicha, ushbu agentliklar tomonidan BAA tajribasi asosida ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati samaradorligini baholash metodikasi ishlab chiqilgan.

2026-yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari — vazirlik, qo‘mita, agentlik va inspeksiyalar faoliyati mazkur dastur asosida baholab boriladi.

Shuningdek, dasturda ishtirok etuvchi respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda mukofot nominatsiyalari ro‘yxati ikki agentlik tomonidan tasdiqlanadi.

Ular tomonidan dasturni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi hamda g‘oliblarni taqdirlash tartibi ham ishlab chiqiladi.

Farmoyishga ko‘ra, barcha nominatsiyalar g‘oliblarining ilg‘or tajribasi dasturda qatnashgan boshqa davlat organlari faoliyatiga ham keng joriy etiladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 26/05/2026