O‘zbekistonda 2026-yil yoz mavsumi beqaror va nisbatan iliq ob-havo bilan boshlanadi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Prognozlarga ko‘ra, 1–3-iyun kunlari respublikaning ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Shamol tezligi sekundiga 15–20 metrgacha kuchayadi. Havo harorati kechalari 15–20 daraja, kunduz kunlari esa 30–35 daraja atrofida bo‘ladi.
Keyingi davrda, oy oxirigacha kechalari 18–23 daraja, kunduz kunlari esa 29–34 darajadan 34–39 darajagacha o‘zgarib turadi. Shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarda ayrim kunlari havo harorati 40–42 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.
Sinoptiklar yozning birinchi yarmida ayrim kunlarda qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lish ehtimoli saqlanib qolishini bildirgan.
El-Nino belgilari kuzatilmoqda
Ma’lum qilinishicha, Amerika iqlim prognozlari markazining so‘nggi byulletenida 2026-yil may oyida El-Nino hodisasi boshlanishining ilk aniq belgilari qayd etilgan. Bu Tinch okeanida suv haroratining keskin ko‘tarilishi bilan izohlanadi va global havo haroratining oshishiga ta’sir qilishi mumkin.
Hozirda iqlim tizimi neytral deb baholanayotgan bo‘lsa-da, okeandagi suv harorati yuqori sur’atlarda ko‘tarilmoqda. Shu sabab dunyoning yetakchi prognoz markazlari 2026-yil yozini issiq bo‘lishini taxmin qilmoqda.
O‘zbekistonda yoz me’yordan issiqroq bo‘lishi mumkin
“O‘zgidromet” dastlabki bahosiga ko‘ra, joriy yilda yozning o‘rtacha harorati me’yordan biroz yuqori bo‘lishi ehtimoli bor.
Yoz mavsumida ayrim davrlarda ekstremal issiq ob-havo kuzatilishi mumkin. Eng issiq kunlarda havo harorati 42–44 darajagacha, shimol, janub va cho‘l hududlarida esa 45–47 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.
Qayd etilishicha, Toshkentda iyun oyida qayd etilgan mutlaq maksimal harorat 43 darajani tashkil etadi. Respublika bo‘yicha eng yuqori harorat esa 1914-yil iyun oyida Termiz shahrida kuzatilgan bo‘lib, 49,6 darajaga yetgan.
Shuningdek, 2021–2025-yillar davomida respublikaning barcha hududlarida iyun oyidagi o‘rtacha harorat me’yordan 1,3 darajadan 2,5 darajagacha yuqori bo‘lgani qayd etildi.