O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatini yakunlayotgan Shveysariyaning Favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy bilan xayrlashuv uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov elchiga O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirib, uning kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Konstantin Obolenskiy 2021-yil avgust oyida O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchi etib tayinlangan edi. U o‘sha yilning 24-avgust kuni ishonch yorliqlarini o‘sha paytdagi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovga topshirgan.
Obolenskiy O‘zbekistonga tayinlanishidan avval Shveysariyaning Latviya, Litva va Estoniyadagi, shuningdek, Armanistondagi elchisi lavozimlarida ishlagan.
U, shuningdek, Shveysariyaning Pokistondagi elchixonasida missiya rahbari o‘rinbosari, Isroildagi elchixonasida esa attashe sifatida faoliyat yuritgan. Diplomatik faoliyati davomida Shveysariya Tashqi ishlar federal departamentida xalqaro huquq, siyosiy masalalar hamda inson xavfsizligi yo‘nalishlarida turli lavozimlarda ishlagan.
Konstantin Obolenskiy 1997-yilda Shveysariyaning Bazel universitetini huquqshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. U nemis, fransuz, ingliz va rus tillarini biladi.