Vazirlar Mahkamasi 24-iyun kuni xorijiy muvofiqlik sertifikatlari asosida import qilinadigan tovarlar uchun tasdiqnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekistondan tashqarida berilgan mahsulotning muvofiqligini tasdiqlovchi ruxsat beruvchi hujjatlar asosida import qilinayotgan tovarlarni mamlakat hududiga olib kirish uchun vakolatli organlardan elektron tasdiqnoma olish tartibi belgilandi. Mazkur tasdiqnoma asosida tovar erkin muomalaga chiqariladi.
Nizomga muvofiq, importyor bojxona organlariga tegishli ariza bilan murojaat qilishi va unga mahsulotning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasini ilova qilishi lozim.
Arizada tranzit deklaratsiyasi raqami, tovarning nomi va TIF TN kodi, ishlab chiqaruvchining nomi, ishlab chiqarilgan mamlakat, muvofiqlikni tasdiqlovchi ruxsat beruvchi hujjatlar rekvizitlari, shuningdek, zaruratga qarab amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hujjatlar ham ko‘rsatiladi.
Bojxona organlari arizani ko‘rib chiqish uchun vakolatli organlarga yuboradi. Ularning qarori axborot tizimi orqali olingach, bojxona organlari tovarlarni amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazadi.