Toshkent shahrining Yunusobod tumanida hovlidagi hojatxona chuquriga tushib ketgan 5 yoshli qiz Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan qutqarildi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 25-iyun kuni soat 17:33 atrofida Yunusobod tumani “Obiravon” ko‘chasida joylashgan xonadonlardan birida sodir bo‘lgan. 2021-yilda tug‘ilgan qizaloq kattalar nazoratidan chetda qolishi oqibatida hovlidagi hojatxona chuquriga tushib ketgan.
Xabar kelib tushgach, voqea joyiga zudlik bilan qutqaruvchilar yetib borgan. Maxsus qutqaruv asbob-uskunalari yordamida qutqaruvchilardan biri chuqurga tushib, qizni xavfsiz tarzda olib chiqqan.
Shundan so‘ng jabrlanuvchiga voqea joyining o‘zida shifokorlar tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, yaqinlariga topshirilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda qizning ahvoli yaxshi.