Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida 14 yoshli qizga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlikda gumon qilinayotgan to‘rt nafar shaxs ushlandi. Bu haqda IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov “Nemolchi.uz” so‘roviga javoban ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 2026-yil 7-iyun kuni sodir bo‘lgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 23, 22, 21 va 20 yoshli to‘rt nafar yigit voyaga yetmagan qizni avtomashinaga mindirib, chekka hududga olib ketgan va unga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlikda gumon qilinmoqda.
Hodisa joyi tergov-tezkor guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilgan, ish uchun ahamiyatli bo‘lgan ashyoviy dalillar rasmiylashtirilgan. Shuningdek, sudga oid tibbiy, biologik va psixologik ekspertizalar tayinlangan.
Dastlab, 8-iyun kuni holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Keyinchalik, 29-iyun kuni ish Jinoyat kodeksining 118-moddasi 3-qismi “a” bandi — voyaga yetmagan shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatish orqali jinsiy zo‘ravonlik sodir etish moddasi bo‘yicha qayta malakalangan.
Mazkur modda bo‘yicha gumonlanuvchilar Sh.X., D.X., O.N. va D.A.ga ayblov e’lon qilinib, ular protsessual tartibda ushlangan.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, jinoyat ishi Tergov departamenti tomonidan nazoratga olingan.
Shuningdek, holat Bolalar ombudsmani nazoratiga olingan. Ijtimoiy himoya milliy agentligi jabrlanuvchiga psixologik yordam, uning onasiga esa yuridik xizmatlar ko‘rsatilganini ma’lum qildi.