2026-yilning yanvar–may oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 32,8 milliard dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,2 milliard dollar yoki 3,7 foizga ko‘p. Bu haqda Statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, tashqi savdodagi o‘sish asosan import hajmining ortishi hisobiga ta’minlangan. Besh oy davomida eksport 12,6 milliard dollarni tashkil etib, 15,5 foizga qisqargan. Import esa 20,1 milliard dollarga yetib, 20,8 foizga oshgan. Natijada tashqi savdo balansida 7,5 milliard dollarlik manfiy saldo yuzaga kelgan.

Xitoy asosiy savdo hamkori bo‘lib qoldi

Yanvar–may oylarida O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkori Xitoy bo‘ldi. Ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 7,65 milliard dollarga yetgan. Shundan 1,1 milliard dollari eksport, qariyb 6,5 milliard dollari esa import hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Rossiya 5,8 milliard dollarlik savdo hajmi bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. O‘zbekiston ushbu mamlakatga 1,9 milliard dollarlik mahsulot eksport qilgan, Rossiyadan esa 3,9 milliard dollarlik tovar va xizmatlar import qilingan.

Qozog‘iston 2,26 milliard dollarlik ko‘rsatkich bilan uchinchi yirik savdo hamkori bo‘lgan. Eksport bo‘yicha esa Afg‘oniston uchinchi o‘rinni egallab, ushbu mamlakatga 817,8 million dollarlik mahsulot yetkazib berilgan.

Xizmatlar eksporti yetakchilik qildi

Besh oyda eksportning eng katta qismini xizmatlar tashkil etdi. Ularning hajmi 4,6 milliard dollarga yetib, umumiy eksportning 36,3 foizini egallagan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 34,9 foizga oshgan.

Xizmatlar eksportidan 2,24 milliard dollar turizm, 1,66 milliard dollar transport xizmatlari, 441,8 million dollar esa telekommunikatsiya, kompyuter va axborot xizmatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shu bilan birga, oltin eksporti keskin kamaygan. Joriy yilning besh oyida oltin eksporti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 76,8 foizga qisqargan. Bu davrda faqat aprel oyida 1,5 milliard dollarlik oltin eksport qilingan.

Sanoat mahsulotlari eksporti 1,9 milliard dollarga yetib, 18 foizga o‘sgan. To‘qimachilik mahsulotlari eksporti 747,8 million dollarni, rangli metallar eksporti esa 721,5 million dollarni tashkil etgan.

Kimyo mahsulotlari eksporti ilk bor 1 milliard dollardan oshib, 37,6 foizga o‘sgan. Oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar eksporti ham 1 milliard dollardan ortib, asosiy ulush meva-sabzavotlar va don mahsulotlariga to‘g‘ri kelgan.

Shuningdek, 660,7 million dollarlik mineral yoqilg‘i va moylash materiallari eksport qilingan. Tabiiy gaz eksporti esa 202,9 million dollarni tashkil etib, 29 foizga kamaygan.

Importda texnika va transport vositalari yetakchi

Import tarkibida eng katta ulush — 6,66 milliard dollar yoki 33,1 foiz — mashinalar va transport uskunalari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shundan 1,55 milliard dollarlik avtomobillar hamda 1,15 milliard dollarlik elektr jihozlari import qilingan.

Sanoat mahsulotlari importi 3,1 milliard dollarni tashkil etgan. Bunda cho‘yan va po‘lat hamda rangli metallar asosiy ulushni egallagan.

Xizmatlar importiga 2 milliard dollar sarflangan. Shundan 919,4 million dollar turizm, 490 million dollar transport xizmatlariga to‘g‘ri kelgan.

Kimyo mahsulotlari importi 2,5 milliard dollarga yetgan. Tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari importi 794,9 million dollarni, plastmassa xomashyosi importi esa 450,7 million dollarni tashkil etgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar importi 2,3 milliard dollarga yetib, bir yil ichida 42,3 foizga oshgan. Xususan, 393,6 million dollarlik go‘sht va go‘sht mahsulotlari, 296,4 million dollarlik shakar import qilingan.

Bundan tashqari, besh oy davomida 1,86 milliard dollarlik mineral yoqilg‘i va moylash materiallari xarid qilingan. Shundan 1 milliard dollari neft va neft mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Benzin importi 373,4 million dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 85,1 foizga oshgan.

Tabiiy gaz importi esa 84,1 foizga o‘sib, 724,7 million dollarga yetgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 01/07/2026