O‘zbekistonda agrar sohadagi subsidiyalarni xarajatlarni qoplashdan ko‘ra, erishilgan natijaga bog‘lash taklif qilinmoqda. Yangi tizimda hosildorlik, suv va energiya tejamkorligi hamda sarflangan resurslar hisobiga olingan mahsulot hajmi asosiy mezon bo‘ladi.

Bu taklif Shavkat Mirziyoyevga agrar sohada subsidiyalarni ajratish va sug‘urtalash tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotda bildirildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilda qishloq xo‘jaligidagi subsidiyalar 29 ta yo‘nalish va 91 ta turga yetkazilgan. Ushbu maqsadlar uchun 2,7 trillion so‘m mablag‘ ko‘zda tutilgan. Ayrim yo‘nalishlarda arizalar proaktiv shakllantirilib, to‘lov muddatlari qisqartirilgan.

Kelgusi yildan “mablag‘ ajratish” modelidan “natijaviy subsidiya” modeliga bosqichma-bosqich o‘tish taklif qilindi. Bunda barcha ma’lumotlar davlat organlarining axborot tizimlaridan inson aralashuvisiz olinadi. Har bir subsidiya oluvchining elektron pasporti shakllantirilib, uning natijalari onlayn kuzatib boriladi.

Dastlab yangi mexanizm suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda sinovdan o‘tkaziladi. Subsidiya ajratilganidan keyin ikki-uch yil davomida suv sarfi, hosildorlik va suv unumdorligi baholanadi. Belgilangan ko‘rsatkichlarga erishilmasa, subsidiya mablag‘larini qaytarish mexanizmi qo‘llaniladi.

Qishloq xo‘jaligida sug‘urta qamrovi kengaytiriladi

Taqdimotda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi tizimini rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Hozirda Agrosafe axborot tizimi orqali sug‘urta bo‘yicha elektron ariza topshirish, shartnoma va polisni rasmiylashtirish, monitoring, ekspertiza hamda tovon pulini to‘lash jarayonlari raqamlashtirilgan.

Kelgusida bog‘ va uzumzorlardagi ko‘chat hamda daraxtlar, import qilingan chorva va tasodifiy hodisalar bilan bog‘liq xavflarni ham sug‘urtalash rejalashtirilmoqda. Chorvachilik, polizchilik, kartoshka va piyoz yetishtirish uchun yangi sug‘urta mahsulotlarini joriy etish taklif qilindi.

2027-yilda 45 mingta qishloq xo‘jaligi korxonasini sug‘urta bilan qamrab olish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sug‘urta qamrovini 60 foizga yetkazish va 500 nafar mustaqil ekspert tayyorlash maqsad qilingan. Shuningdek, sug‘urta xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Yangi yondashuvda sug‘urta faqat yetkazilgan zararni qoplash bilan cheklanmay, xavflarning oldini olishga ham xizmat qilishi ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda sug‘urta mukofotining 3–5 foizini maxsus jamg‘armaga yo‘naltirish taklif qilindi.

Ushbu mablag‘lar chorvachilikda vaksinatsiya, profilaktika va veterinariya xizmatlariga, paxta va g‘allachilikda biologik himoyaga, bog‘dorchilik va uzumchilikda esa tabiiy ofatlardan himoyalanish vositalarini o‘rnatishga sarflanishi mumkin.

Prezident subsidiya va sug‘urta tizimlari fermerlar uchun sodda va qulay bo‘lishi, davlat mablag‘lari esa aniq natijaga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi. Mutasaddilarga takliflarni takomillashtirib, tegishli huquqiy hujjatlar loyihalarini kiritish topshirildi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 25/09/2026