Masqat shahrida Shavkat Mirziyoyev va Ummon sultoni Haysam bin Toriq Ol Saidni ikki davlatning oliy mukofotlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ummon sultoni Shavkat Mirziyoyevni ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qo‘shgan hissasi uchun sultonlikning oliy davlat mukofoti — “Ol Said” ordeni bilan taqdirladi.
Mirziyoyev ushbu mukofotni O‘zbekiston xalqiga, ikki mamlakat o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va mustahkam hamkorlikka ko‘rsatilgan hurmat ifodasi sifatida qabul qilishini bildirdi.
O‘zbekiston prezidenti, o‘z navbatida, Haysam bin Toriq Ol Saidni “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi.
Mukofot sultonning O‘zbekiston va Ummon o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun topshirildi.
Marosimda ikki davlat rahbarining o‘zaro oliy mukofotlar bilan taqdirlanishi O‘zbekiston va Ummon o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlashga intilish ifodasi ekani ta’kidlandi.