O‘zbekiston va Eron xalqaro yuk tashish xarajatlari hamda mavjud to‘lovlarni kamaytirish, tashuvlarni soddalashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov Eron yo‘l va shaharsozlik vaziri Farzona Sodiq boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasida xalqaro yuk tashish hajmini oshirish, tashish xarajatlarini kamaytirish va yuk tashish jarayonlarini soddalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar avtomobil va temir yo‘l transporti hamda aviatsiya sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, yangi transport yo‘laklarini rivojlantirish va Eron portlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha fikr almashdi.

Shuningdek, xalqaro tashuvlardagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va tashuvchilar uchun qulay sharoit yaratish yuzasidan qator kelishuvlarga erishildi.

Kelishuvlarni amalga oshirish uchun ikki davlat transport vazirlari o‘rinbosarlari boshchiligida qo‘shma ishchi guruh tashkil etiladi.

Ishchi guruh xalqaro yuk tashish bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etish, mavjud to‘siqlarni bartaraf qilish va kelishilgan tashabbuslarni amalga oshirishni muvofiqlashtirib boradi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 16/11/2026