Rossiyaning Domodedovo aeroportida O‘zbekistonga ketayotgan 32 yoshli xorijlik yo‘lovchining yukidan radiatsiya darajasi me’yordan 10 baravar yuqori bo‘lgan 31 kg quritilgan oq qo‘ziqorin aniqlandi. Bu haqda Rossiya Federal bojxona xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, aeroportning yuklarni joylashtirish hududida radioaktiv materiallarni aniqlashga mo‘ljallangan “Yantar” statsionar tizimi signal bergan. Tekshiruvda quti ichidan Rossiyada ishlab chiqarilgan va zavodda qadoqlangan quritilgan qo‘ziqorinlar topilgan.
Ko‘chma radiometr-spektrometr yordamida o‘tkazilgan o‘lchovlar mahsulotdagi radiatsiya darajasi me’yordan 10 baravar yuqori ekanini ko‘rsatgan. Dastlabki tekshiruvda qo‘ziqorinlar tarkibida seziy-137 radioaktiv izotopi ham aniqlangan. Bu haqdagi ma’lumot “Rospotrebnadzor”ga yuborilgan.
Idora qaroriga ko‘ra, qo‘ziqorinlar partiyasi radioaktiv chiqindi deb topilgan va belgilangan tartibda ko‘mib tashlanishi kerak. Mahsulot ishlab chiqaruvchisiga qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan, ehtimoliy zararning oldini olish choralari ham ishlab chiqilgan.
Shuningdek, “Quritilgan oq qo‘ziqorin” mahsuloti uchun Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi muvofiqlik deklaratsiyasining amal qilishi to‘xtatilgan. Ushbu hujjat asosida mahsulotni ishlab chiqarish va sotish ham vaqtincha to‘xtatilgan.
Seziy-137 — yadro bo‘linishi jarayonida hosil bo‘ladigan radioaktiv izotop. U yadro sinovlari va atom obyektlaridagi avariyalar oqibatida atrof-muhitga tarqalishi mumkin. Uning yarim yemirilish davri qariyb 30 yilni tashkil etadi. Ushbu moddaning organizmga tushishi salomatlik uchun xavf tug‘diradi va uzoq muddatda saraton kasalliklari rivojlanishi ehtimolini oshirishi mumkin.