O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarni giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni iste’mol qilishga jalb etganlik uchun jazo kuchaytirildi. Endilikda bunday jinoyatni og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etganlar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Bu prezident imzolagan bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qonunda belgilandi.
Qonun bilan Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Jumladan, voyaga yetmaganlarni spirtli ichimliklar yoki aqliy-irodaviy faoliyatga ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb etganlik uchun jarima miqdori 150 baravardan 250 baravargacha oshirildi. Shuningdek, 360 soatdan 400 soatgacha majburiy jamoat ishlari, uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.
Voyaga yetmaganlarni giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari yoki ayrim kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb etganlik uchun esa besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Agar jinoyat takroran sodir etilsa, ikki yoki undan ortiq voyaga yetmaganga nisbatan amalga oshirilsa, ta’lim muassasasi hududida sodir etilsa yoxud odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelsa, jazo yetti yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.
Qonunda bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun ham jazo kuchaytirilgan. Xususan, 14 yoshga to‘lmagan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin.