2026-yilning birinchi yarmida Rossiyaga ishlash uchun borgan O‘zbekiston fuqarolari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,2 foizga kamaydi. Bu haqda Markaziy bankning mehnat bozori sharhida ma’lum qilindi.

Hisobotga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida Rossiyaga ishlash maqsadida 1 mln 179 ming nafar o‘zbekistonlik borgan. 2025-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 1 mln 358 ming nafarni tashkil etgan.

Taqqoslash uchun, 2025-yilda Rossiyada patent asosida ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni 1 mln 495 ming nafarga yetgan.

Shu bilan birga, o‘zbekistonlik mehnat migrantlari boshqa davlatlarda ham ko‘paymoqda. Xususan, 2025-yilda Yevropa Ittifoqidagi o‘zbekistonlik migrantlar soni 13,2 foizga, Turkiyada esa 10,7 foizga oshgan.

2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, Turkiyada 70 ming nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan. Bu yillik hisobda 9,3 foizga ko‘p. Janubiy Koreyada esa 102,2 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi qayd etilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 3,3 foizga yuqori.

Rossiyaga ishlash uchun ketayotganlar soni kamayganiga qaramay, ushbu davlatdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi oshgan. 2026-yilning birinchi yarmida Rossiyadan yuborilgan pul o‘tkazmalari yillik hisobda 8,8 foizga ko‘paygan.

Markaziy bank ayrim mamlakatlarda mehnat migratsiyasining qisqarishi kelgusida pul o‘tkazmalari, uy xo‘jaliklari daromadlari va iste’mol talabiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini qayd etgan.

Hisobotda, shuningdek, 2026-yilning ikkinchi choragida e’lon qilingan bo‘sh ish o‘rinlari soni 9,8 foizga kamaygani aytilgan. Shu bilan birga, ish qidiruvchilar faolligi yuqori saqlanib qolgan va mehnat bozorida raqobat kuchaygan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 20/10/2026