Raqobat qo‘mitasi 8 ta respublika va hududiy ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tibbiy xizmatlar narxlarini maqbullashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Qo‘mita matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil aprel oyidan boshlab Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar narxlarining adolatli shakllantirilgani yuzasidan o‘rganishlar olib borilmoqda.
May oyiga qadar quyidagi 8 ta markaz faoliyati tahlil qilingan:
- Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi;
- Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi;
- Akademik Y.X. To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi;
- Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi;
- Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi;
- Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi;
- Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi;
- Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
Dastlabki o‘rganishlar natijasida ayrim hollarda tariflarni shakllantirish bo‘yicha belgilangan talab va tartiblarga to‘liq rioya qilinmagani aniqlangan.
Shu sababli tekshiruv o‘tkazilgan markazlarga xizmat narxlarini amaldagi me’yorlar asosida qayta shakllantirish hamda tariflarni maqbullashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan.
Raqobat qo‘mitasining ta’kidlashicha, o‘rganishlar yakunlari bo‘yicha tibbiy xizmatlar tariflarini takomillashtirish va maqbullashtirishga qaratilgan umumlashtirilgan takliflar ishlab chiqilib, vakolatli davlat organlariga kiritiladi.