Tovlamachilik jinoyatini sodir etganlikda ayblanib qidiruvga berilgan shaxs Misrdan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, qidiruvdagi shaxs Misr hududida aniqlanib, qo‘lga olingan. Shundan so‘ng vakolatli organlar tomonidan ekstraditsiyaga oid materiallar ko‘rib chiqilib, zarur huquqiy tartib-taomillar yakunlangan.
Natijada uni O‘zbekiston tomoniga topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Qayd etilishicha, Qohira va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov mavjud emasligi sababli ekstraditsiya jarayoni Rossiya hududi orqali tranzit tarzida tashkil etilgan. Tranzit parvozni amalga oshirishda Moskva shahridagi Domodedovo International Airport orqali o‘tish uchun zarur ko‘mak Rossiya Interpol Milliy markaziy byurosi tomonidan ta’minlangan.
Ekstraditsiya qilingan shaxs O‘zbekistonga olib kelingach, amaldagi qonunchilikka muvofiq jinoiy javobgarlikka tortish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi.