O‘zbekiston va Iroq rasmiylari Bag‘dod—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Oqqulov Iroq Iqtisodiy kengashi bosh direktori Xayder Ali Xadi hamda Iroq ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan.

Muzokaralarda turizm, investitsiyalar va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilingan. Tomonlar ikki mamlakat fuqarolarining O‘zbekiston va Iroqning sayyohlik salohiyatiga qiziqishi ortib borayotganini qayd etgan.

Uchrashuv davomida o‘zaro sayyohlar oqimini ko‘paytirish, turizm imkoniyatlarini targ‘ib qilish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar tashkil etish hamda sayyohlik kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, Bag‘dod va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ham muhokama qilingan. Qayd etilishicha, ushbu tashabbus turizm va biznes aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.

Uchrashuv yakunida tomonlar turizm sohasi vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish, biznes missiyalari va B2B uchrashuvlarini ko‘paytirish, shuningdek, ikki mamlakatning turizm salohiyatini birgalikda targ‘ib qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 18/06/2026